Janubiy Koreya futbolida katta mojaro: hakamlarga jinsiy xizmatlar tashkil etilgani aytilmoqda
Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi atrofida yangi jiddiy mojaro yuzaga keldi. Tashkilot 2011–2012-yillarda ayrim xalqaro uchrashuvlarda ishlagan xorijlik hakamlar uchun jinsiy xizmatlar tashkil qilganlikda gumon qilinmoqda.
Janubiy Koreyaning JTBC telekanali ma’lumotiga ko‘ra, ayblovlar mamlakat Madaniyat, sport va turizm vazirligi tomonidan 2016-yilda tayyorlangan maxfiy audit hujjatlariga asoslangan. Hujjatlarda futbol assotsiatsiyasi mablag‘lari hakamlar uchun “massaj xizmatlari”ga sarflangani qayd etilgani aytilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, bu holatlar 2011 va 2012-yillarda Janubiy Koreya terma jamoasi ishtirokidagi muhim uchrashuvlar arafasida sodir bo‘lgan. Sobiq assotsiatsiya xodimlaridan biri bunday harakatlardan maqsad hakamlarning qarorlariga ta’sir ko‘rsatish bo‘lganini bildirgan.
Yonhap agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur uchrashuvlarda Yaponiya, BAA, Eron, Bahrayn va O‘zbekiston kabi davlatlardan hakamlar faoliyat olib borgan. Hozircha aynan qaysi hakamlar noqonuniy xizmatlardan foydalangani haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi vakili voqealar taxminan 15 yil avval sodir bo‘lganini qayd etib, hozir tashkilotda moliyaviy xarajatlar va ichki tartib-qoidalarga nisbatan qat’iy nazorat o‘rnatilganini bildirgan.
Ayni paytda Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi boshqa mojaro doirasida ham tekshiruv ostida. 6-avgust kuni politsiya sobiq bosh murabbiy Xon Myon Boning 2024-yildagi tayinlanish jarayonidagi ehtimoliy qonunbuzarliklar yuzasidan assotsiatsiya ofisida tintuv o‘tkazgan.