Janni Infantino JCh-2026 chiptalari qimmatligi borasidagi tanqidlarga javob qaytardi
FIFA prezidenti Janni Infantino 2026 yilgi Jahon chempionati chiptalari narxi haddan tashqari yuqoriligi haqidagi e’tirozlarga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, narxlar o‘zini oqlaydi va ko‘ngilochar industriya dunyodagi eng kuchli sohalardan biri bo‘lgan Amerika bozori voqeligini aks ettiradi.
Infantino AQSHda hatto talabalar o‘rtasidagi o‘yinlarga ham 300 dollardan arzon chipta topib bo‘lmasligini, shu sababli Jahon chempionati kabi yirik miqyosdagi turnir uchun bozor narxlari belgilanishi mantiqan to‘g‘ri ekanligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, FIFA rahbari AQSHda rasman ruxsat berilgan chiptalarni qayta sotish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning tushuntirishicha, chipta narxlarini haddan tashqari past qilib belgilash chayqovchilarning ularni ancha qimmat narxda pullashiga yo‘l ochib beradi. Shu bois, u muxlislarni ikkilamchi bozordagi baland narxlarga e’tibor qaratmaslikka chaqirdi.
«Agar kimdir final chiptasini qayta sotish uchun 2 million dollarga qo‘ygan bo‘lsa, bu birinchidan, chipta haqiqatda 2 million dollar turishini anglatmaydi, ikkinchidan, kimdir uni shu narxda sotib olishini ham kafolatlamaydi», — dedi Infantino.