Janni Infantino: «Eronning JCH-2026dagi ishtiroki bo‘yicha faqat bitta reja bor — u ham bo‘lsa \"A\" rejasi»
FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida Eron terma jamoasining ishtirok etishi borasida o‘z fikrini bildirdi.
«Biz Eron jamoasi qanday murakkab vaziyatda ekanligini juda yaxshi tushunib turibmiz va reallikni to‘g‘ri baholayapmiz. Shunga qaramay, biz ishlashda davom etamiz va ularning Jahon chempionatidagi o‘yinlari maksimal darajada qulay sharoitlarda o‘tishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Hech qanday muqobil rejalar — na "B", na "C" va na "D" rejasi mavjud emas, faqatgina "A" rejasi bor.
Biz murakkab geosiyosiy vaziyatda yashayapmiz va unga ta’sir ko‘rsatish bizning qo‘limizda emas. Biroq biz odamlarni birlashtirishga, ularga birdamlikni his qilish imkonini berishga hamda tinchlik va bayram muhitini yaratishga qodirmiz», — dedi Infantino.
FIFA rahbari Eron terma jamoasi Jahon chempionatidagi o‘rnini «muddatidan avval va faqatgina sport tamoyillari asosida» ta’minlaganini alohida ta’kidladi. Shu sababli, xalqaro futbol tashkiloti ushbu natijaga hurmat bilan yondashish niyatida.