locale OZ

Jamshid Saidov: Superliga jamoalarida mahorat kattaroq ekanligi seziladi

G'azalkent - Lokomotiv bahsidan keyin temiryo'lchilar murabbiyi Jamshid Saidov fikr bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Jamshid Saidov: Superliga jamoalarida mahorat kattaroq ekanligi seziladi
photo: Lokomotiv fk

G'azalkent - Lokomotiv bahsidan keyin temiryo'lchilar murabbiyi Jamshid Saidov fikr bildirdi.

"Ilk navbatda shuni aytishim kerak, jamoamiz bosh murabbiyi Mirko Yelichich o‘yin tugashi bilanoq aeroportga ketdi va Avstraliyaga uchib ketishi kerak. Matbuot anjumanida qatnasha olmasligi uchun uzr so‘rab, to‘g‘ri tushunishlarini so‘radi.

O‘yinga keladigan bo‘lsak, bu bahsning ahamiyatini barcha tushunib turgandi. Dastlabki ikki o‘yinni qoniqarsiz o‘tkazdik, dastlab "Lochin" maydonida mag‘lub bo‘ldik, keyin esa o‘z maydonimizda "Dinamo"ni mag‘lub eta olmadik.

Yigitlar bu o‘yining muhimlilik darajasini bilib turishgandi va shu sababli bor kuchlari bilan o‘ynab, chiroyli o‘yin namoyish qilib berishdi. Qiynalib bo‘lsa-da, guruhdan chiqib olganimizdan xursandman. Bugungi o‘yinda bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga, jangovar kayfiyatda maydonga tushgan yigitlarga rahmat aytaman.

- Bugun murabbiylar uchun hayajon ko‘proq bo‘ldi. "Lokomotiv" gol urgan paytda, Samarqanddagi parallel kechgan bahsda "Dinamo" ham gol urdi va o‘yin gollarga boy o‘tdi. Murabbiylarda bugun hayajon oxirigacha sezilib turdi. Shu haqida fikringiz.
- "Dinamo" ham o‘z o‘yinining darajasini bilib turgandi, chunki ular ham birinchi turda mag‘lub bo‘lishgandi. Umuman olganda darajalar o‘z so‘zini aytdi. Birinchi o‘yinda bizda qandaydir kayfiyatsizlik kuzatilgandi. 2-turda esa biz ham "Dinamo" ham kuch va ishtiyoq topib, nimalarga qodir ekanligimizni namoyish qildik. Biz ulardan bitta ko‘proq gol urib, guruhdan chiqqanimiz yaxshi bo‘ldi.

- Raqib jamoa 2-turdayoq keyingi bosqichni hal qilib bo‘lgandi. Shuni hisobga olsak, "Lokomotiv"ning g‘alabasi o‘zlarining katta ishtiyoqi evaziga bo‘ldimi yoki raqibning past motivatsiyasi evaziga keldimi?
- "Gʻazalkent"ning tarkibi juda yosh. Ular doimo harakat qilib, nimalarnidir isbotlashga harakat qilishadi. Proligadan keyin Kubok o‘yinlarida anchagina rivojlanishdi. Yoshlarda ishtiyoq juda katta. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham Proliga va Superliganing darajalari ajralib turadi. Baribir Superliga jamoalarida mahorat kattaroq ekanligi seziladi.

- Superligada ishlatilmagan rejalar, taktikalar, sxemalar Kubok o‘yinlarida ishlatildimi?
- Biz Superligada ham Kubokda ham oddiy uslubda o‘ynadik. Lekin Kubokda barchasi 2 yoki 3 o‘yinga bog‘liq. O‘yinning muhimlilik darajasiga qarab rejalar tuzildi va bu ish berdi, nazarimda. Shu boisdan biz guruhdan chiqdik.
- "Lokomotiv"ning O‘zbekiston Kubogidagi maqsadi qanday? Klub rahbariyati ushbu musobaqa uchun murabbiylar shtabiga qanday vazifa qo‘ygan?
- Bir gap aytaman: "Lokomotiv" o‘z an’analariga ega klub, bir necha karra chempion va kubok sohibi. Albatta, "Lokomotiv" o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yadi. Biz finalga chiqish uchun eng oxirigacha kurashamiz. Balki kubokni ham qo‘lga kiritarmiz",-dedi mutaxassis.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting