Jamoliddin Rahmatullaev — O‘zbekiston U-18 jamoasi bosh murabbiyi
O‘zbekiston U-18 milliy jamoasida qoniqarsiz natijalardan so‘ng murabbiy o‘zgardi.
"Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi murabbiylar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston U-17 jamoasining jahon chempionatiga tayyorgarlik rejasi hamda O‘zbekiston U-18 jamoasiga bosh murabbiy tayinlash masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida, O‘zbekiston U-18 milliy jamoasi bosh murabbiyi Asqar Xalmuratov boshchiligidagi murabbiylar shtabi tomonidan jamoa olib borgan yig‘inlari, seleksiya, tibbiy, ruhiy va jismoniy tayyorgarlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
O‘z navbatida murabbiylar kengashi a’zolarining O‘zbekiston U-18 jamoasining xalqaro turnirlar va o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi ishtiroki yuzasidan tahlil hamda xulosalari tinglandi, tajriba va xatolar ustida ishlash murabbiylarning kelajakdagi faoliyatlarida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Kun tartibidan jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlash masalasi ham o‘rin oldi. O‘zbekiston yoshlar jamoasining 2027 yilgi U-20 Osiyo kubogi hamda FIFA U-20 jahon chempionatiga tayyorgarligi reja asosida davom etadi. Tavsiyalar va muhokamalar yakuniga ko‘ra, Jamoliddin Rahmatullaev O‘zbekiston U-18 milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda milliy jamoalarga futbolchilarni seleksiya qilish, jismoniy, texnik va taktik ko‘rsatkichlar bo‘yicha tavsiyalar berilib, jamoalarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi", — deyiladi OFA xabarida.