Ivan Rakitich: «Xabi Alonsoning «Real»dan ketishi — futbol uchun katta yo‘qotish»
«Barselona» va «Sevilya» klublarining sobiq yarimhimoyachisi Ivan Rakitich Madridning «Real» klubi sobiq bosh murabbiyi Xabi Alonsoning faoliyati haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Ha, bu haqiqatda achinarli holat. Men Xabini «Real»da, ayniqsa La Ligada uzoqroq ko‘rishni juda xohlardim. Bu yerda siz «Barsa», «Real» yoki «Sevilya»ga muxlislik qilishingizning ahamiyati yo‘q. Men bundan chin dildan afsusdaman, chunki u men uchun umuman futboldagi eng nufuzli murabbiylardan biri bo‘lib qoladi.
Ishonchim komilki, u qayerga bormasin, muvaffaqiyatga erishadi. Men katta klublardagi bosimni tushunaman: u «Leverkuzen»da o‘zini ajoyib ko‘rsatdi, shundan so‘ng unga tezda «Real»dan taklif tushdi. Umid qilamanki, u imkon qadar tezroq qaytadi. Men Xabini murabbiy sifatida kuzatishni va undan o‘rganishni istardim», — deya ta’kidladi Rakitich.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 yanvar kuni «Real Madrid» Xabi Alonso bilan o‘zaro kelishuvga ko‘ra hamkorlikni to‘xtatganini rasman e’lon qilgan edi.