locale OZ

Italiyalik jahon chempioni Toshkentda Shomurodov futbolkasida startga chiqdi

Shomurodov faoliyati davomida Italiyaning “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” klublarida to‘p surgan.
Italiyalik jahon chempioni Toshkentda Shomurodov futbolkasida startga chiqdi
Foto: Getty Images

Suzish bo‘yicha jahon chempioni, italiyalik Alberto Ratssetti Toshkentda o‘tkazilgan Jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning futbolkasida ko‘rinish berdi. Sportchi 200 metrga kompleks suzish bahslari oldidan Shomurodovning familiyasi va 14-raqami tushirilgan libosda start maydoniga chiqdi.

Italiyalik suzuvchi ushbu yo‘nalishda 1 daqiqa 52,53 soniya natija qayd etib, to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Musobaqada amerikalik Sheyn Kasas 1:51,81 natija bilan g‘olib bo‘ldi. Uning vatandoshi Karson Foster ikkinchi, kanadalik Finli Noks esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ratssettining o‘zbekistonlik futbolchi libosida ko‘rinish bergani mahalliy muxlislar e’tiborini tortdi. Shomurodov faoliyati davomida Italiyaning “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” klublarida to‘p surgan. Biroq italiyalik suzuvchi nima sababdan aynan Shomurodovning futbolkasini tanlagani haqida hozircha izoh bermagan.

Ma’lumot uchun, Alberto Ratssetti 2021-yilda Abu-Dabida o‘tkazilgan qisqa masofaga suzish bo‘yicha jahon chempionatida 200 metrga batterflyay usulida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u 2024-yilgi jahon chempionatida 200 metrga batterflyay yo‘nalishida kumush va 200 metrga kompleks suzishda bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting