Italiya futboli afsonasi Sandro Mazzola 83 yoshida vafot etdi
Italiya terma jamoasi va “Inter” klubining afsonaviy futbolchisi Sandro Mazzola 83 yoshida vafot etdi. Sobiq yarim himoyachi butun professional faoliyatini “Inter” safida o‘tkazgan va klub tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri sifatida nom qoldirgan. Bu haqda “Inter” klubi rasmiy matbuot xizmati xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Mazzola “Inter” safida 17 mavsum davomida to‘p tepib, 565 ta rasmiy uchrashuvda 161 ta gol urgan. U milanliklar bilan to‘rt marta Italiya chempioni bo‘lgan, ikki marta Yevropa Chempionlar kubogi va ikki bor Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan.
Mazzola “Inter”ning 1960-yillardagi mashhur “Grande Inter” jamoasining asosiy futbolchilaridan biri edi. Ayniqsa, 1964-yilgi Yevropa Chempionlar kubogi finalida “Real Madrid” darvozasiga ikki gol urib, jamoasining 3:1 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan.
Ma’lumot uchun, Sandro Mazzola Italiya terma jamoasi bilan 1968-yilda Yevropa chempioni bo‘lgan, 1970-yilgi jahon chempionatida esa finalga qadar yetib borgan. U futbolchilik faoliyati davomida faqat “Inter” sharafini himoya qilgan.