Ispaniyalik muxlislar Misrga qarshi o‘yinda Islom diniga nisbatan kamsituvchi harakat qilishdi
Barselona shahrida Ispaniya va Misr terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi muxlislarning nomaqbul xatti-harakatlari bilan yodda qoldi. Mazkur bahs 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
AS nashri xabariga ko‘ra, o‘yin boshlanishidan avval stadionga yig‘ilgan muxlislar Misr davlat madhiyasini hushtakbozlik bilan kutib olishgan. Shuningdek, uchrashuvning 20-daqiqasiga kelib, «Kornelya-El Prat» stadionidagi tomoshabinlarning bir qismi diniy kamsitish shiorlarni baralla aytishni boshlagan. Xabarda aytilishicha, muxlislar islom diniga nisbatan kamsituvchi hayqiriqlar ostida sakrab, ritmik harakatlar qilishgan.
Ta’kidlash joizki, Ispaniya terma jamoasining yetakchi futbolchilaridan biri, «Barselona» hujumchisi Lamin Yamal ham islom diniga e’tiqod qiladi. Muxlislarning bunday harakati sport jamoatchiligi orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Ispaniya milliy terma jamoasi bundan avvalgi o‘rtoqlik uchrashuvida Serbiya ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozongan edi.