Ispaniya terma jamoasi futbolchisi JCh-2026 uchun olgan bonusini federatsiya xodimlariga berdi
Ispaniya terma jamoasining futbolchilaridan biri 2026-yilgi Jahon chempionatidagi g‘alaba uchun olishi kerak bo‘lgan mukofot pulidan voz kechib, uni Ispaniya futbol federatsiyasi xodimlariga berishga qaror qildi. Futbolchining shaxsi uning o‘z istagiga ko‘ra oshkor qilinmagan. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, futbolchi bu qarorni Jahon chempionati davomida terma jamoa bilan birga ishlagan federatsiya xodimlariga minnatdorlik bildirish maqsadida qabul qilgan. U qariyb ikki oy davom etgan yig‘in va turnir vaqtida jamoaning kundalik faoliyatini ta’minlagan xodimlarning hissasini alohida qadrlagan.
Ispaniya terma jamoasining 26 nafar futbolchisi mundialdagi g‘alaba uchun katta miqdorda mukofot puli olish huquqiga ega bo‘lgan. AS avvalroq har bir futbolchiga 756 ming yevro miqdorida bonus to‘lanishini yozgan edi. Ushbu futbolchi esa o‘ziga tegishli mablag‘ni federatsiya xodimlariga topshirishni afzal ko‘rgan.
Ma’lumot uchun, Ispaniya 2026-yilgi Jahon chempionati finalida Argentinani 1:0 hisobida mag‘lub etib, tarixida ikkinchi bor jahon chempioniga aylandi. FIFA ushbu g‘alaba uchun Ispaniya futbol federatsiyasiga 50 million dollar mukofot puli ajratgan.