Ispaniya oltin uchun yo'lda, Urugvayga Saudiya Arabistoni va Kabo-Verde qiyinchilik tug'dirishi mumkin. H guruhi haqida barcha ma'lumotlar
Jahon chempionati ishtirokchilari haqida so'z yuritishda davom etamiz. Navbat H guruhiga yetib keldik. Bu yerda Urugvay, Saudiya Arabistoni, Kabo-Verde va chempionlik uchun asosiy da'vogar Ispaniyani ko'rsatish mumkin.
Ispaniya
Murabbiy
Luis de la Fuente — so'nggi yillarning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri. U hattoki o'ziga xos fenomen: Ispaniyani bir vaqtning o'zida uchta yosh toifasida Yevropaning eng yaxshisiga aylantirgan.
U dastlab U-19 yoshlar o'rtasidagi Yevropa chempionatida g'olib chiqdi, keyin yoshlar terma jamoasi bilan muvaffaqiyat qozondi va Euro-2024da kattalar jamoasini oltin medalgacha olib chiqdi. Shuningdek, u milliy jamoadagi faoliyatini Millatlar ligasi “Final to'rtligi”dagi g'alaba bilan boshlagan.
Yulduzlar
Ispaniyaning asosiy gavhari — Lamine Yamal. Uning jismoniy holati xavotir uyg'otmoqda, ammo ideal formadagi Yamalni ko'rish muxlislar uchun katta orzu.
Shu bilan birga, jamoada boshqa kuchli futbolchilar ham yetarli: Ferran Torres, Mikel Oyarzabal, Pedri.
Maqsad
Faqat chempionlik. Ispaniya finalgacha yetib borishi shart. To'rtlikdan past natija — muvaffaqiyatsizlik deb baholanadi.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 16,30%
Urugvay
Murabbiy
Marcelo Bielsa — futbol olamida alohida hodisa. Biroq uning uslubi har doim ham futbolchilar bilan oson til topishishga imkon bermaydi. Copa America-2024 paytida jamoa ichida muammolar yuzaga kelgan, bu haqida Luis Suarez ochiq aytgan.
Murabbiyning qattiq intizomi ba'zi futbolchilar tomonidan bosim sifatida qabul qilingan.
Yulduzlar
Jamoaning yetakchisi — Federico Valverde. U nafaqat o'yini, balki ruhiyati bilan ham jamoani etaklaydi. U Qatardagi JChdagi muvaffaqiyatsizlikdan so'ng o'zini qayta isbotlashni maqsad qilgan.
Maqsad
Guruhdan chiqish. Urugvaydan katta natija kutish qiyin.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 1,54%
Kabo-Verde
Murabbiy
Pedro Brito (Bubista) — milliy qahramon. U avval jamoa sardori bo'lgan, keyin esa 2020 yildan boshlab termani boshqarmoqda. Uning qo'l ostida jamoa ilk bor Jahon chempionatiga yo'l oldi.
Yulduzlar
Terma jamoa yulduzlari safida Garry Rodrigues, Ryan Mendesni ko'rsatish mumkin. Shuningdek, Kevin Lenini va Jovan Cabral ham asosiy yulduzlarga aylanishi mumkin.
Maqsad
Saudiya Arabistoni bilan uchinchi o'rin uchun kurash va imkon bo'lsa pley-offga chiqish.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 0,02%
Saudiya Arabistoni
Murabbiy
Georgios Donis aprel oyida jamoani qabul qildi. U Herve Renard o'rnini egalladi. Grek mutaxassisining asosiy afzalligi — mahalliy futbolni yaxshi bilishi.
Yulduzlar
Saudiya arabistonliklar safida Salem Al-Dawsari, Saud Abdulhamid va Firas Al Buraikan kabi yulduzlar borligini aytish kerak.
Maqsad
Kabo-Verde bilan uchinchi o'rin uchun kurash.
Chempionlik ehtimoli (Opta): 0,06%