Ispaniya Kubogi. «Barselona» «Atletiko»ni yirik hisobda magʻlub etib, turnir bilan xayrlashdi
Ispaniya Kubogi 2025/2026 yilgi mavsumining yarimfinal javob uchrashuvi yakunlandi. Unda «Barselona» o‘z maydonida «Atletiko Madrid»ni qabul qildi. «Spotifay Kamp Nou»da o‘tgan bahs mezbonlarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
29-daqiqada «ko‘k-anorranglilar» yarimhimoyachisi Mark Bernal hisobni ochdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda (45+4) Rafinya penaltini aniq amalga oshirib, farqni oshirdi. 72-daqiqada esa Bernal dubl qayd etib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Biroq ushbu g‘alaba kataloniyaliklarga final yo‘llanmasini taqdim etmadi. 12 fevral kuni Madriddagi ilk o‘yinda «Atletiko» 4:0 hisobida zafar quchgan edi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (4:3), «matraschilar» «blaugrana»ni musobaqadan chiqarib yuborib, finalga yo‘l oldi.
Ma’lumot o‘rnida, «Barselona» Ispaniya Kubogining amaldagi g‘olibi hisoblanardi. 2025 yil 26 apreldagi finalda jamoa «Real Madrid»ni qo‘shimcha taymlarda 3:2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Ispaniya Kubogi. Yarim final
«Barselona» — «Atletiko» 3:0 (0:4)
Gollar: Bernal (29, 72), Rafinya (45+4).