Ispaniya hakamlar qo‘mitasi «Atletiko» — «Barselona» bahsidagi xatoni tan oldi
Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) huzuridagi Hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) La Liganing 30-turi doirasidagi «Atletiko Madrid» va «Barselona» (1:2) uchrashuvida bosh hakam Mateo Buskets Ferrer xatoga yo‘l qo‘yganini rasman tasdiqladi. Gap kataloniyaliklar himoyachisi Jerar Martinning chetlatilishini bekor qilish haqidagi qaror ustida bormoqda.
O‘yinning 46-daqiqasida «Barselona» a’zosi raqib futbolchisi Tyago Almadaning boldir qismiga zarba bergan edi. Uchrashuv bosh hakami dastlab Martinga qizil kartochka ko‘rsatdi, biroq videoassistentlar (VAR) tavsiyasiga ko‘ra monitorda vaziyatni qayta ko‘rib chiqdi va qarorini sariq kartochkaga o‘zgartirdi.
«Bu to‘pga birinchi bo‘lib kim tekkanidan qat’i nazar, o‘yin qoidasining qo‘pol ravishda buzilishi edi. Bunday holatda eng to‘g‘ri intizomiy jazo qizil kartochka bo‘lishi shart edi.
VAR tizimi bu vaziyatga aralashmasligi kerak edi, chunki maydondagi hakam dastlab to‘g‘ri qaror qabul qilgan. VAR’ning epizodni qayta ko‘rib chiqish haqidagi tavsiyasi maydondagi to‘g‘ri baholangan harakatning noto‘g‘ri tomonga o‘zgarishiga olib keldi. Hakam o‘zining dastlabki qarorida qolishi lozim edi», — deya CTA qarorini keltirmoqda AS nashri.