Ismoila Sarr Konferensiyalar Ligasi tarixidagi eng tezkor gol muallifiga aylandi
Yevropa Konferensiyalar Ligasining yarimfinal bosqichi startidayoq turnir yilnomalaridan joy oladigan tarixiy voqelik qayd etildi. Londonning «Kristal Pelas» klubi yarim himoyachisi Ismoila Sarr musobaqa rekordini yangiladi.
Konferensiyalar Ligasi yarimfinalidan o‘rin olgan «Kristal Pelas» va «Shaxtyor» jamoalari o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv kutilmagan natija bilan boshlandi. Londonliklar a’zosi Ismoila Sarr uchrashuvning bor-yo‘g‘i 21-soniyasida raqib darvozasini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu natija Konferensiyalar Ligasi tashkil etilganidan buyon turnir doirasida kiritilgan eng tezkor gol sifatida rasman qayd etildi. Hozirda londonliklar 1:0 hisobida oldinda borishmoqda.
Mazkur jamoalar o‘rtasidagi yarimfinalning javob uchrashuvi joriy yilning 7 may kuni Londondagi «Selherst Park» stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Mazkur bahs final yo‘llanmasi taqdirini hal qilib beradi.
Ta’kidlash joizki, har ikki jamoa ham yarimfinalga qadar o‘ziga xos murakkab yo‘lni bosib o‘tishgan:
«Shaxtyor» jamoasi chorak final bosqichida Niderlandiyaning «AZ Alkmar» klubiga qarshi bahs olib borib, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:2 hisobida g‘alaba qozongan.
«Kristal Pelas» klubi esa chorak finalda Italiyaning «Fiorentina» jamoasi to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tib, umumiy 4:2 hisobidagi g‘alaba bilan yarim final yo‘llanmasini naqd qilgan edi.