Islom Maxachevning navbatdagi raqibi va jang sanasi ma’lum bo‘ldi
UFCning yarim o‘rta vazn toifasidagi amaldagi chempioni Islom Maxachev navbatdagi jangini braziliyalik Karlos Pratesga qarshi o‘tkazishi mumkin. Tashkilot rahbariyati ikki sportchi o‘rtasidagi chempionlik jangini tashkil etish ustida ishlamoqda. Bu haqda ispaniyalik insayder Alvaro Kolmenero xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, Maxachev va Prates 2027-yilning 30-yanvar kuni Kanadaning Toronto shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan UFC 336 turnirida o‘zaro to‘qnash keladi. Insayderning ta’kidlashicha, braziliyalik jangchi hozirdan to‘laqonli mashg‘ulotlarga kirishishi mumkin. Biroq UFC hozircha ushbu jangni rasman tasdiqlamagan.
32 yoshli Karlos Prates yarim o‘rta vazn reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. U so‘nggi jangida sobiq UFC chempioni Jek Della Maddalenani uchinchi raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etgan. Ushbu g‘alabadan so‘ng braziliyalik sportchi chempionlik kamari uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylangan.
Ma’lumot uchun, 35 yoshli Islom Maxachev professional MMA faoliyatida 29 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat qayd etgan. U UFCda ketma-ket 17 ta jangda g‘alaba qozongan. So‘nggi bor 16-avgust kuni UFC 330 turnirida Ian Garrini hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etgan. Karlos Prates hisobida esa 24 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyat mavjud bo‘lib, u 22 ta jangni muddatidan oldin yakunlagan.