locale OZ

Islom Mamatkazin: «Navbahor» bilan maqsadim — chempionlik va Kubokni yutish»

Namanganning «Navbahor» klubi ayni paytda yozgi yig‘inini Turkiyada davom ettirmoqda. Jamoa 11 turdan so‘ng chempionatda 4-o‘rinda.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Islom Mamatkazin: «Navbahor» bilan maqsadim — chempionlik va Kubokni yutish»
photo: Navbahor FK

Namanganning «Navbahor» klubi ayni paytda yozgi yig‘inini Turkiyada davom ettirmoqda. Jamoa 11 turdan so‘ng chempionatda 4-o‘rinda.

Tarkibida mahoratli va shu bilan birga kelajagi porloq futbolchilar yig‘ilgan. Ulardan biri iste’dodli himoyachi Islom Mamatkazin va u hozirgi paytga kelib namanganliklarning himoya qo‘rg‘onida mustahkam o‘yinchilardan biriga aylangan.

Mamatkazin «Navbahor»ga chempionat boshida qo‘shildi. Superligada 8 ta o‘yinda maydonga tushdi va 1 ta gol urdi. Kubok bahsida esa 2 ta uchrashuvda qatnashdi.

Islom namanganliklar tarkibida Turkiya yig‘inida qatnashish bilan birga Tribuna.uz uchun intervyu berishga ham vaqt topdi.

- «Navbahor» bilan Turkiya yig‘inida qatnashyapsiz. Ayting-chi, u yerdagi yozgi yig‘in qanday o‘tyapti?

- Turkiyada yig‘in boshlaganimizga ham bir haftadan oshdi. Birinchi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdik. Hammasi yaxshi kechyapti, qiziqarli. 2 iyul kuni Turkiyaning «Istanbul Bashekshehir» jamoasi bilan o‘ynaymiz. Bu bahs ham qiziqarli bo‘ladi.

- U yerdagi tayyorgarlik jarayonida eng asosiy narsa nima?

- Turkiyada avvalo, jismoniy holatga e’tibor qaratilgan. Qolaversa, yaxshi sparring-raqiblar bilan o‘yinlarimiz bor.

- Ma’lumki, mavsum avvalida klubga qo‘shildingiz. Boshida zaxiradan tushib o‘ynadingiz, keyin asosiy tarkibdan joy oldingiz. Murabbiyning ishonchini qozonish uchun nima qildingiz?

- Ha, klubga yil boshida qo‘shilganman. Zaxirada? Baribir hammada moslashish jarayoni bo‘ladi. Men bilan bog‘liq asosiy sababi shundaki, o‘tgan yili oxirgi 4 oyni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandim. Jarohatim yaxshi tuzalmaganligi bois bu yerga kelib, boshida sport formamni tiklash uchun biroz qiyinchiliklar bo‘ldi. Xudoga shukr, keyin barchasi yaxshi bo‘lib ketdi.

- Temur Kapadze bilan ilk bor ishlayapsiz. Oldin u sizni olimpiya milliy jamoasini boshqargan paytda ham yig‘inga chaqirganini bilaman. Kapadzega qanday ta’rif berasiz? U bilan ishlash qanday kechyapti?

- To‘g‘ri aytasiz, Kapadze bilan ko‘p ishlamagan bo‘lsam ham avvallari bir-ikki bor milliy jamoa yig‘inlariga chaqirgan. Temur Kapadze bilan ishlash yaxshi. Taktik va yana boshqa jihatlar bo‘yicha ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi.

- Klubning hozirni egallab turgan o‘rni o‘yiniga mos deya olasizmi?

- Jamoamizni turnir jadvalida egallab turgan o‘rniga kelsak, biz bundan ham yuqorida bo‘lishga loyiqmiz. Jamoa 90 foizga yangilangan. Shu sababdan boshidan futbolchilarni bir-birini to‘liq tushunib olishi uchun vaqt ketdi.

- Ilgari «Andijon»da himoyachi sifatida gollar urib turardingiz. «Navbahor»da ham bu ishni bajarishni qanchalik xohlaysiz yoki murabbiylar himoyadan chiqmasligingizni aytishadimi?

- «Andijon»dagi faoliyatimga kelsak, ko‘proq standartlarga urg‘u qaratilardi va biz ham hujumga yordamga o‘tardik. Vaziyatlarimiz ko‘p bo‘lardi. Bu yerda asosan o‘yinni nazorat qilish taktikasi asosida harakat qilyapmiz.

- Ma’lumki, 2024 yilgi O‘zbekiston Kubogi finalida «Navbahor»ga gol urgansiz. Bu jamoaga kelganingizda o‘sha final va golingizni eslashdimi?

- Ha, bu jamoaga Kubok finalida gol urganman. Lekin Kubokdan tashqari boshqa o‘yinlarda ham bir necha bor «Navbahor» darvozasini ishg‘ol qilganman. Boshida meni hazil-huzul qilib yaxshi kutib olishdi. Gohida eslab turamiz, yaxshi xotira bo‘lib qolgan.

- Jamoada eng yaqin do‘stingiz kim? Ko‘proq kim bilan muloqot qilasiz?

- Jamoada ichki muhit zo‘r, hamma bir-biri bilan do‘stona. Mahalliy o‘yinchilardan Diyor Xolmatov, Muhammadali Usmonov, Shukron Yo‘ldoshev, legionerlardan Giorgi Jgerenaia bilan ko‘p muloqotdamiz. Lekin umumiy olganda, barcha yigitlar bilan ajoyib muhit shakllangan.

- «Navbahor» bilan oldingizga qo‘ygan asosiy maqsadingiz nima?

- «Navbahor» bilan maqsadlar yuqori. Jamoa bilan chempionlik va Kubokni yutish. Xudo xohlasa, qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting