Islom Ismoilov: \"Biz ikkinchi tarkibni maydonga tushirdik, raqib esa asosiy tarkibni\"
O'zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov Saudiya Arabistoniga qarshi yirik g'alabadan so'ng, UFA rasmiy saytiga video intervyu berdi. Ushbu intervyuni matn holatini e'tiboringizga havola qilamiz:

"Bugungi uchrashuv oldidan oldimizda ikkita yo'l bor edi. Birinchisi, asosiy tarkibni maydonga chiqarib, ishonchliroq o'yin ko'rsatish, yoki ikkinchi yo'l, kam o'yin amaliyotiga ega bo'layotgan futbolchilarga ishonch bildirish orqali natijaga erishish edi. Murabbiylar shtabi bilan o'ylab ikkinchi variyantda to'xtadik. Albatta doim takidlaganimdek terma jamoa tarkibida 23 nafar bir xil saviyadagi futbolchilar bor. Bugungi uchrashuvda ham ishonch bildirgan futbolchilar o'zlarini har tomonlama oqlashdi.

Umuman o'yin haqida gapiradigan bo'lsak, Saudiya Arabistoni terma jamoasini ham rotatsiyalarga qo'l uradi deb o'ylagandik, lekin ular 99 foiz asosiy tarkibini maydonga tushirdi. Faqat, darvoza va o'ng tomon himoyasida o'zgarishlar qildi.

O'yin boshida har ikki terma jamoa ham bir-birini o'rganish uchun ko'proq vaqt sarfladi. Ikkinchi bo'limda yanada hujumkorlikni oshirish va hisobda oldinga chiqish maqsadida o'zgarishlar amalga oshirdik. Kutilmaganda sodir bo'lgan penalti biz uchun omadli bo'ldi. Shundan keyin hujumdagi vaziyatlarimiz golga aylanishni boshladi.
Bizni quvontiradigan jarayon, bugungi o'yinda hujum boshlash paytida bog'lamlarda futbolchilar yaxshi harakat qilishdi. Umuman olganda o'yinini nazorat qildik deb ayta olaman, chunki juda ko'p imkoniyatlarimiz bo'ldi. Natijada jamoa ishonchli va chiroyli o'yin ko'rsatib g'alaba qozona oldi.

Hozircha keyingi bosqichda kim bilan o'ynashimiz aniqmas, lekin bu narsani bizga ahamiyati yo'q. Sababi, maqsadimiz raqib kim bo'lishidan qat'iy nazar maydonga tushib g'alaba qozonish. Ertaga raqibimiz aniq bo'ladi, keyin shunga qarab tayyorgarlikni olib boramiz.
Oldimizga qo'yilgan kichik maqsadimizni bajardik, ya'ni Jahon chempionati yo'llammasini qo'lga kiritdik. Endi asosiy vazifamiz osiyo chempioni bo'lish. Xalqimiz qo'llab-quvvatlan tursa, bizga ishonishsa, maqsadimizga erishamiz",-deydi bosh murabbiy