Islom Ismoilov: “Biz hech bir jamoadan qo'rqmaymiz”


Ertaga Osiyo Kubogi finalida mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuvdan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Islombek Ismoilov va futbolchimiz Sayfiddin Sodiqov ishtirok etib, ertangi o'yin borasida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
Islombek Ismoilov:
— Finalda o‘ynash ajoyib, jamoamiz bilan bu uchun uzoq mehnat qildik. Saudiya Arabistoni kuchli terma jamoalardan biri. Ularga qarshi ko‘p marta o‘yin o‘tkazdik. Lekin final o‘z nomi bilan final, oldimizda mas'uliyatli vazifa turibdi. Har ikki jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. Asosiy maqsadimiz ertangi bahsda g‘alaba qozonib, xalqimizni xursand qilish.
Finalga tayyorgarlik haqida
— Har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘ramiz. Turnirda oson uchrashuvning o'zi yo‘q. Final ham qiyin o‘tadi, sababi ruhiyat birinchi o‘ringa chiqadi. Biz futbolchilarni har tomonlama o‘yinga ideal holatda tayyorlash uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilyapmiz. Barcha futbolchilarimiz uchrashuvga tayyor holatda, baxtimizga hech bir futbolchimiz jarohat olmadi. Umid qilamizki, ertaga jamoamiz eng yaxshi o‘yinlaridan birini ko‘rsatib, g‘alaba qozonadi.
Final oldidan futbolchilar ruhiyati haqida
— Biz raqiblarimizni hurmat qilamiz, lekin hech bir jamoadan qo‘rqmaymiz. O‘z uslubimizga egamiz, ishonch bilan, chiroyli futbol bilan g‘alaba qozonmoqchimiz. Buni futbolchilarimizga ham ta’kidlab kelmoqdamiz. KXDRga qarshi bahsga ham ruhiy jihatdan ko‘proq e'tibor qaratdik. Bu yoshdagi futbolchilarda ruhiyat o‘zgaruvchan bo‘ladi. Futbolda bir holat ikkinchi bor takrorlanmaydi. Biz o‘tgan o‘yindagi natijani unutib, eng asosiy uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Sayfiddin Sodiqov:
— Ertangi o‘yindagi raqibimiz Saudiya Arabistoni, bu jamoa bilan bir guruhda o'ynadik, ularni juda yaxshi bilamiz. Guruh bosqichidagi g‘alaba bizni bo‘shashtirmaydi. Finalga ruhan va jismonan tayyormiz. Ochilish uchrashuvida biroz hayajonlandik, lekin murabbiylarimiz ko‘rsatmasi bilan o‘yindan-o‘yinga o‘zimizni yaxshi his qila boshladik. G‘alaba qozonib, kubokni yurtimizga olib ketmoqchimiz.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-17 va Saudiya Arabistoni U-17 o'rtasidagi bahs ertaga, 20-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da Toif shahrida joylashgan “Qirol Fahd” stadionida start oladi.

Boshqa sport turlari
Bugun da 15:37

Futbol
Bugun da 13:02

Boshqa sport turlari
Bugun da 12:28