Islom Ahmedov: «O'ylangan taktik rejalardan ko'nglimiz to'ldi»
“Andijon” jamoasining “Minsk”ga qarshi oxirgi o'rtoqlik uchrashuvidan keyin bosh murabbiy Islom Ahmedov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- “Andijon”ning oxirgi nazorat uchrashuvi ham yakuniga yetdi. Qanday xulosalarga keldingiz?
- Umumiy yig'inga to'xtaladigan bo'lsak, barchaga teng o'yin amaliyotini berish rejamiz bor edi. Xuddi shunday reja asosida ish olib borildi. Nechta o'yin o'tkazgan bo'lsak, barchasiga teng o'yin amaliyotini taqdim qildik. Kechagi o'yinda tarkibda maydonga tushganlar 90 daqiqa, bugungi tarkibda o'ynaganlar ham 90 daqiqadan harakat qildilar. 70-80 foizga jismoniy holatimizni yaxshilab oldik. Qolganini Andijonda davom ettiramiz. O'ylangan taktik rejalardan ham ko'nglimiz to'ldi. Baribir yana bir-ikkita kamchiliklar bor. O'yinlarni tahlil qilgan holda ularni ustida yana ishlaymiz.
- Yig'in mobaynida 2-3 nafar o'yinchilar ko'rikdan o'tishdi. Bugun ham bir futbolchini sinab ko'rdinglar va gol ham urdi. Ular haqida fikringiz qanday?
- Ha, o'yinchilarni ko'rib bordik. Maqsadimiz yuqori o'rinlardan birini egallash. Biz ko'rgan futbolchilar esa hozirgi o'yinchilarimizga raqobat qila olmaydilar. Maydonga tushganda o'rnini to'ldirib, kuchaytirib bera oladigan darajadagi futbolchilar emas. Shu bois o'yinchi olishga shoshilmayapmiz.
- Endi bundan keyingi rejalar qanday olib boriladi?
- O'zbekistonga qaytgach, futbolchilarimizga ikki kunga dam beramiz. 9 iyulda o'z qarorgohimizda yig'ilamiz. 12 iyul kuniga ikkita uchrashuv rejalashtirganmiz. Shundan keyin yana bir kunga dam bergach, 14-sanadan “Surxon”ga qarshi uchrashuv uchun rasmiy o'yinga tayyorgarlik ko'rib boramiz.