Islom Ahmedov: «Hozir oson o'yinni o'zi yo'q»
«Andijon» - «Xorazm» (1:0) uchrashuvdan jamoamiz ustozi Islom G'ulomovich Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bugungi g'alaba bilan barcha andijonlik muxlislarimizmin chin qalbimizdan tabriklaymiz. O'yinga kelsak, oson kechmadi. Bundan buyog'iga ham jamoalar yetarlicha qarshilik ko'rsatishadi. Oson uchrashuvlarni o'zi yo'q. Bu nimadan dalolat? Barcha klublar kuchayib boryapti. Shuning uchun bu uchrashuvni oson bo'lmasligini oldindan bilgandik. SHu sababli futbolchilarga tushuntirdik. Ularga rahmat aytamiz, muvozanatni yo'qotmasdan oxirigacha hujumkor o'ynashga harakat qilishdi. Himoyalanayotgan jamoaga gol urish juda ham qiyin. Lekin qanotlarni o'zgartirdik va oxirida raqib darvozasiga yo'l topa oldik.
- Jamoa «Neftchi» bilan yaxshi o'ynagandi. Oxirgi ikkita turda esa kreativlik yetishmagandek. Raqibga moslashib o'ynayotgandek taassurot uyg'otyapti. Kuchlilarga qarshi kuchliroq va o'rtayominayolarga qarshi shunga yarasha o'ynayotgandek...
- Unday demagan bo'lardim. CHunki hozir aytganimdek, kuchsiz jamoani o'zi yo'q. «Xorazm»ni o'yinlarini ham tahlil qilganimizda juda yaxshi o'yin ko'rsatishgan. Kuchsiz deb hisoblamayman. Himoyalanayotgan jamoaga qarshi o'ynash qiyinroq. Ochiq, hujumkor o'ynaydigan klublarga qarshi bellashuvlarda bizda vaziyatlar ko'proq bo'ladi. Chunki oldinga o'tayotganda orqada bo'sh hududlar paydo bo'ladi. Himoyaviy o'ynayotgan jamoalarni yorib o'tish biroz qiyinroq kechyapti.
- «Xorazm» birinchi daqiqadan besh nafar himoyachi bilan o'ynadi. Har bir jamoada A va B rejalar bo'ladi. Ikkinchi bo'lim boshidanoq ikki nafar hujumchi bilan o'ynasa bo'lmasmidi?
- Rejamizda bor edi. O'yinni boshidan o'zgartirib yuboradigan bo'lsak, o'xshamay qolishi mumkin. CHunki markazni berib qo'yishimiz hech gap emasdi. Unday bo'lsa, to'pni nazorat qila olmay qolishimiz ham mumkin edi. Agar gol urmaydigan bo'lsak, yana ikkinchi hujumchini ham tushirish rejamizda bor edi.
- Zaxiradan maydonga tushgan o'yinchilardan ko'nglingiz to'lgan bo'lsa kerak. G'alabaga Cheran, Sulaymonov, Boake kabi futbolchilar ham o'z hissalarini qo'shishdi...
- Zaxiradan maydonga tushib o'yinni yanada kuchaytirib berishyapti, ko'nglimiz to'ldi. G'alabaga yuqori hissasini qo'shishdi.
- Shoxmalik Komilov zaxirada qolyapti. Buni sababi nimada?
- Shoxmalik juda iqtidorli o'yinchi. Imkoniyat bo'ladi. Ochig'i, bizda markazda raqobat juda kuchli. Shoxmalik mashg'ulotlarda o'zini yaxshi ko'rsatyapti. Albatta, unga ham imkoniyat beramiz.
- «Andijon» U21 ishtirokidagi o'yinlarda negadir asosiy jamoa murabbiylar shtabini ko'rmaymiz...
- Doim Yutub tarmog'i orqali o'yin to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatiladi va biz kuzatib boramiz. Qolaversa, uchrashuvdan keyin shaxsan o'zim o'yinni yana takroran ko'rib chiqaman. Murabbiylar bilan bu xususida maslahatlashamiz, gaplashamiz. Ular nazoratsiz qolmagan. Doim yoshlar jamoamiz o'yinlarini ham tahlil qilamiz. Faqat bizda o'yindan bir kun oldingi mashg'ulotimiz ko'pincha o'yin vaqtiga to'g'ri kelib qolayotgani uchun bora olmayapmiz. Lekin albatta, vaqt topamiz.
- Muhammadkarim Toirov qaydnomada ko'rinmadi...
- Kechagi mashg'ulotimizda mikrojarohat olib qoldi. Xudo xohlasa, «Paxtakor» bilan o'yingacha safga qaytadi, degan umiddamiz.