locale OZ

Islom Ahmedov: Biz maksimal darajada yuqori maqsadlar sari harakat qilamiz

“Andijon” jamoasini muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Islom Ahmedov O'zPFL tomonidan aprel oyining eng yaxshi murabbiyi deya e'tirof etildi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Islom Ahmedov: Biz maksimal darajada yuqori maqsadlar sari harakat qilamiz
photo: Andijon fk

“Andijon” jamoasini muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Islom Ahmedov O'zPFL tomonidan aprel oyining eng yaxshi murabbiyi deya e'tirof etildi. Chunki bunga asoslar yetarli.

Superligada uning boshchiligida burgutlar 4 o'yinda 3 g'alaba va 1 durang qayd etdi. Endi esa navbat O'zbekiston Kubogi bahslariga yetib keldi.

Shu maqsadda jamoamiz o'z qarorgohida to'plandi va mashg'ulotga kirishdi. Klub matbuot xizmati esa Islom Ahmedov bilan qisqacha suhbat o'tkazdi.

- Islom G'ulomovich, sizni O'zPFL tomonidan aprel oyining eng yaxshi murabbiyiga aylanganingiz bilan samimiy muborakbod etamiz. Bu boradagi munosabatingiz bilan o'rtoqlashsangiz.

- Tabrik uchun rahmat. Ochig'i, biz shaxsiy yutuqlar uchun harakat qilmadik. Hammasi jamoamizning manfaati, uning g'alabalari uchun qilingan say'-harakatlar edi. Xudoga shukrki, yuzimiz yorug' bo'ldi. Buni ortida juda katta mehnat yotibdi. Bu darajaga chiqishimiz uchun klub rahbariyati, barcha xodimlar - tibbiyot vakillari, administratorlar, qoʼyingki, qorovullardan tortib, murabbiylar shtabiyu, futbolchilarning o'zlari ham katta mehnat qilishdi.

- “Andijon” o'z qarorgohida mashg'ulotlarga kirishdi. Oldinda esa jamoani O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi o'yinlar kutmoqda. Bo'lajak bahslar uchun tayyorgarlik rejalari nimalardan iborat?

- Darhaqiqat, biz jamoamiz qarorgohida yig'ilib, mashg'ulotlarni boshladik. Kubok uchrashuvlari uchun tayyorgarliklarga kirishdik. Biz maksimal darajada yuqori maqsadlari sari harakat qilamiz. Aynan shu mezon bo'yicha tayyorgarlik ko'ramiz.

- Hammamiz yaxshi bilamizki, ikkil muqaddam jamoamiz O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritgan. Bu yilgi Kubok bahslarida ham tabiiyki, “Andijon”da yana imkoniyat mavjud. Bu boradagi aniq strategiya qanday?

- Ha, ikki yil oldin “Andijon” jamoamiz Kubokni qo'lga kiritdi. Shuning uchun xohlaymizmi-yo'qmi, baribir muxlislarimiz tomonidan ham yana ushbu musobaqada g'oliblikni qo'lga kiritish talabi qo'yiladi. Shu bois maksimal darajada mehnat va harakat qilib, har bir o'yinga g'alaba uchun chiqamiz. Buning uchun munosib tayyorgarlik olib boramiz.

- Yangi uslublarni qo'llayotganingiz uchun ham natijalar ijobiy ko'rinish olmoqda. Murabbiy sifatida bu jabhada har tomonlama qoniqish hosil qilyapman, deb ayta olasizmi?

- Natijaga keladigan bo'lsak, qoniqishimiz bor, yomon emas. Ammo ishlaydigan ishlanmalarimiz, kamchiliklarimiz ko'p. Chunki ko'nglimiz to'ldi desak o'sishdan to'xtab qolamiz. Hali o'yinimizni yaxshilaydigan taraflari juda ko'p. Futbolchilarimizning darajasidan kelib chiqib, yanada yaxshiroq futbol koʼrsatishga qodirmiz. Bundan ham yaxshiroq o'yin ko'rsatishga imkoniyatimiz bor. Buning ustida ish olib boryapmiz.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting