Irlandiya murabbiyi UEFA’dan jamoasini Isroil bilan boshqa to‘qnash keltirmaslikni so‘radi
Irlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Xeymir Hallgrimsson Millatlar ligasida Isroilga qarshi o‘tkazilgan ikki uchrashuvdan so‘ng UEFA’ni kelajakdagi qur’alarda bu ikki terma jamoani bir guruhga tushirmaslikka chaqirdi. Mutaxassis so‘nggi ikki hafta jamoasi uchun juda murakkab kechganini ta’kidlagan. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Hallgrimsson: “Ular boshqa bir-biriga qarshi o‘ynamasligi kerak. Ammo bu qarorni biz emas, UEFA qabul qiladi. Hech bir terma jamoa biz so‘nggi ikki haftada boshdan kechirgan vaziyatga tushishini istamayman”, — degan. Murabbiy UEFA mazkur holatga aralashib, kelajak uchun yechim topishi kerakligini ham bildirgan.
Irlandiya va Isroil o‘rtasidagi 4-oktabr kungi bahs Serbiyaning Bachka-Topola shahrida, tomoshabinlarsiz o‘tkazildi va 1:1 hisobida yakunlandi. Troy Parrott penaltidan Irlandiyani oldinga olib chiqqan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim boshida Dor Perets hisobni tenglashtirdi. Uchrashuv oldidan va davomida ikki jamoa o‘rtasida keskinlik kuzatildi.
Ma’lumot uchun, terma jamoalar ushbu Millatlar ligasi mavsumida ikki marta uchrashdi: 27-sentabr kuni Irlandiya 3:0 hisobida g‘alaba qozondi, 4-oktabrdagi javob bahsi esa 1:1 hisobida yakunlandi. To‘rt turdan so‘ng Irlandiya 5 ochko bilan B3 guruhida uchinchi, Isroil esa 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinda bormoqda.