“Inter” va “Yuventus” “Borussiya” hujumchisi Samuele Inasioga qiziqmoqda
Dortmundning “Borussiya” klubi hujumchisi Samuele Inasio faoliyatini Italiya A Seriyasida davom ettirishi mumkin. 18 yoshli futbolchiga “Inter” va “Yuventus” jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar berdi.
Har ikki klub Inasioga yozgi transfer oynasidayoq qiziqish bildirgan va hozir ham uning holatini kuzatishda davom etmoqda. “Yuventus” so‘nggi kunlarda futbolchining vakillari bilan aloqa o‘rnatib, transfer imkoniyatlari haqida ma’lumot olgan. “Inter” ham yosh hujumchini kelajak uchun istiqbolli variant sifatida ko‘rmoqda.
Inasio joriy mavsumda “Borussiya” safida barcha musobaqalarda uchta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Dortmund klubi futbolchini o‘zining eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sifatida baholaydi.
Ma’lumot uchun, Samuele Inasio 2024-yilda “Atalanta” akademiyasidan “Borussiya”ga ko‘chib o‘tgan. Uning Dortmund klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan, Transfermarkt esa futbolchining qiymatini 15 million yevroga baholamoqda.