«Inter» Onana bilan shartnoma imzolashi mumkin
«Manchester Yunayted»ning 29 yoshli darvozaboni, ayni damda ijara asosida Turkiyaning «Trabzonspor» jamoasida to‘p surayotgan Andre Onana ingliz klubini butunlay tark etishi kutilmoqda. Daily Mail nashrining xabar berishicha, kamerunlik posbonning «Old Trafford»dagi faoliyati yakuniga yetmoqda.
Garchi Onananing o‘zi hali ham «qizil iblislar» safida o‘zini ko‘rsatish istagidan voz kechmagan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan u yozda transfer ro‘yxatiga kiritiladi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchining vakillari shu haftada Milanga uchib ketishgan. Ular u yerda bir qator bitimlar qatori, Onananing sobiq jamoasi — «Inter»ga qaytishi borasidagi masalalarni ham muhokama qilishgan.
Qayd etilishicha, Andrening Italiyada hanuzgacha o‘z ko‘chmas mulki borligi bu transferni yanada osonlashtirishi mumkin. Biroq bitimning amalga oshishiga darvozabonning yuqori maoshi to‘sqinlik qilishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Joriy mavsumdagi statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Onana barcha turnirlarda 17 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z darvozasidan 27 ta gol olib chiqdi va faqat 3 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qola bildi.