«Inter» muxlislari uchta safar oʻyiniga diskvalifikatsiya qilindi
Italiya A Seriyasi doirasida «Kremoneze»ga qarshi bahsda yuz bergan ko‘ngilsiz voqea «Inter» muxlislari uchun qimmatga tushadigan bo‘ldi. O‘yin davomida «neradzurrilar» ishqibozlari mezbonlar darvozaboni Emil Auderoga qarata petarda uloqtirishgan.
Ushbu portlash oqibatida 29 yoshli posbonning oyog‘i shikastlangan, qolaversa, u o‘ng qulog‘ida eshitish qobiliyati pasayganidan shikoyat qilgan. Mazkur jiddiy tartibsizlik ortidan Italiya Ichki ishlar vazirligi keskin choralar ko‘rishga qaror qildi.
La Gazzetta dello Sport nashri tarqatgan rasmiy bayonotga ko‘ra, vazirlik «Inter» muxlislari uchun 2026 yilning 23 martiga qadar safar o‘yinlariga borishni taqiqladi. Shuningdek, ushbu uchrashuvlar uchun Lombardiya viloyati aholisiga chipta sotish ham to‘xtatilgan.
«Ushbu chora jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash hamda sport tadbirlariga xalaqit beradigan ko‘ngilsiz holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan», — deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, ushbu taqiq 8 mart kuni bo‘lib o‘tadigan «Milan» va «Inter» o‘rtasidagi derbiga daxl qilmaydi. Biroq, «Inter» muxlislari «Sassuolo», «Lechche» va «Fiorentina»ga qarshi kechadigan safar bahslarida o‘z jamoalarini stadiondan turib qo‘llab-quvvatlay olmaydilar.