“Inter Mayami” Rikelme Fillipini transfer qildi
“Inter Mayami” “Palmeyras”ning 19 yoshli futbolchisi Rikelme Fillipini o‘z safiga qo‘shib oldi. Klub rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, braziliyalik vinger bilan 2029/30-yilgi MLS mavsumi oxirigacha shartnoma imzolangan. Kelishuvni yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati ham mavjud.
Transferning moliyaviy tafsilotlari klub tomonidan oshkor qilinmagan. Euro-Football Transfermarkt ma’lumotiga tayangan holda, “Inter Mayami” futbolchining huquqlarining 60 foizi uchun 4,2 million yevro to‘laganini yozmoqda.
Fillipi “Palmeyras” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U klubning U-20 jamoasi safida 80 ta o‘yinda 30 ta gol va 4 ta assist qayd etgan. Asosiy jamoada esa 11 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, u Braziliya U-17 terma jamoasi bilan 2023-yilgi Janubiy Amerika chempionatida g‘olib chiqqan.
Ma’lumot uchun, “Inter Mayami” safida Lionel Messi ham to‘p suradi. Argentinalik futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilgi MLS mavsumi oxirigacha mo‘ljallangan.