«Inter Mayami» Messining jarohati sabab oʻrtoqlik oʻyinini boshqa vaqtga koʻchirdi
«Inter Mayami» klubi Puerto-Rikoda «Independiente del Valye» jamoasiga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi boshqa muddatga ko‘chirilganini rasman e’lon qildi.
Mazkur qarorga jamoa hujumchisi Lionel Messining Ekvadorning «Barselona» klubi bilan o‘yinda olgan jarohati sabab bo‘lgan. Klub 12 fevral kuni yulduz futbolchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar borligini tasdiqladi.
Lionel Messi klub matbuot xizmati orqali muxlislarga murojaat qilib, so‘nggi bahsda mushaklarida zo‘riqish his qilganini, biroq Puerto-Rikodagi uchrashuvni intizorlik bilan kutayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub bilan birgalikda muxlislarning ishtiyoqi inobatga olingan holda, safarni amalga oshirish uchun muqobil sana tanlangan.
Dastlab 14 fevralga belgilangan o‘yin endilikda 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.