«Inter» Markus Tyuramning ukasi bilan shartnoma imzolamoqchi
Turinning «Yuventus» klubi yarim himoyachisi Kefren Tyuram-Yulen yozgi transfer oynasida «Inter»ga oʻtishi mumkin. «Neradzurrilar» markaziy chiziqni kuchaytirish ustida faol ish olib bormoqda va 24 yoshli fransiyalik xavbek ustuvor nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar bermoqda.
Ayni paytda «Inter» safida Kefrenning akasi — hujumchi Markus Tyuram to‘p surmoqda. Manbaga ko‘ra, aka-ukalarning «Juzeppe Metsa» stadionida bir jamoada jam bo‘lishi kelayotgan yozning eng ko‘p muhokama qilinadigan voqealaridan biriga aylanishi mumkin.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Kefren Tyuram-Yulenning bozor qiymati 40 million yevroga baholanmoqda. Uning «Yuventus» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan.
Joriy mavsumda Tyuram barcha turnirlarda «Yuventus» safida 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 2 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.