“Inter” Lautaro Martines nega “Barselona”ga o‘tmaganini tushuntirdi
“Inter” prezidenti Juzeppe Marotta Lautaro Martinesning yozgi transfer oynasida “Barselona”ga o‘tmaganiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, argentinalik hujumchining o‘zi kataloniyaliklar bilan aloqa qilish yoki muzokara olib borishni istamagan.
Marotta transferning klublar darajasida ham amalga oshishi deyarli imkonsiz bo‘lganini ta’kidladi. “Inter” Lautaroni jamoaning asosiy futbolchilaridan biri deb hisoblaydi va sovrinlar uchun kurashishda unga tayanishni davom ettirmoqchi.
“Avvalo, uning munosabati namunali bo‘ldi. U “Barselona” bilan muzokara qilishdan bosh tortib, klubga qanchalik bog‘langanini ko‘rsatdi”, — deya Marottaning so‘zlarini keltiradi Mundo Deportivo. “Inter” prezidenti avvalroq ham Lautaroni sotish masalasi umuman muhokama qilinmasligini aytgan edi.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli Lautaro Martines joriy mavsum barcha musobaqalarda “Inter” safida 4 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.