«Inter» Kivu bilan shartnomani uzaytirishga yaqin
“Inter” murabbiyi Kristian Kivu bilan shartnomani uzaytirish yakuniy bosqichda turibdi. Oxirgi tafsilotlargina qoldi va mavsum so‘nggida shartnoma imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda jurnalist va insayder Nikolo Skira X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Yangi shartnoma 2028-yilgacha amal qiladi, maosh yiliga 4 mln yevroni tashkil etadi. Shuningdek, bonuslar va 2029-yilga uzaytirish opsiyasi mavjud.
Kecha, 3-may kuni “Inter” A Seriyaning 35-tur uchrashuvida “Parma”ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, 21-marta Italiya chempioni bo‘ldi. Milanliklar ustozi Kristian Kivu kattalar darajasidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi, bungacha u klubning yoshlar jamoasi bilan skudettoni yutgan edi.
Kristian Kivu “Inter” bosh murabbiyi etib 2025-yil iyun oyida tayinlangan. Ruminiyalik mutaxassis bilan amaldagi shartnoma 2027-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.
“Inter” A Seriyaning 35 ta o‘yinida 82 ochko to‘pladi. Chempionat tugashiga uch tur qolganida ikkinchi o‘rindagi “Napoli” bilan oradagi farq 12 ochkoni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, jamoani 13-may kuni Italiya Kubogi finalida “Latsio”ga qarshi o‘yin kutib turibdi.