Infantino Tramp ma’muriyatidan yordam so‘ramoqchi
FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilot rahbari lavozimini saqlab qolish uchun AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidan siyosiy yordam olishga urinmoqda.
Jurnalist Saymon Stounning xabariga ko‘ra, Infantino bugun Tramp ma’muriyati vakillari bilan telefon orqali muloqot qiladi. Suhbat davomida u 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidenti saylovida o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlashni so‘rashi kutilmoqda.
Avvalroq Uels futbol assotsiatsiyasi Infantinoning navbatdagi saylovdagi nomzodini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi. Angliya futbol assotsiatsiyasi ham shunday qaror qabul qilishi mumkinligi aytilmoqda. Bunga FIFAning Jahon chempionati tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga berish rejasi sabab bo‘lgan.
Kuchli qarshilik va boykot tahdidlaridan so‘ng Infantino bahsli loyihani bekor qilishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, FIFA rahbariga nisbatan bosim pasaygani yo‘q.