Imanol Alguasil «Al Shabab» bosh murabbiyligidan ozod etildi
Murabbiy Imanol Alguasil Saudiya Arabistonining «Al Shabab» klubidagi lavozimini tark etdi. Bu haqda Ahli Central xabar bermoqda.
Mutaxassis ushbu jamoani 2025 yilning iyul oyida qabul qilib olgan edi. Uning iste’fosi «oq sherlar»ning so‘nggi vaqtlardagi muvaffaqiyatsiz natijalari fonida yuz berdi — «Al Ahli»dan qabul qilingan 2:5 hisobidagi mag‘lubiyat ushbu qarorning qabul qilinishida hal qiluvchi nuqta bo‘ldi. Ayni damda «Al Shabab» Saudiya Arabistoni chempionati turnir jadvalida 14-o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Imanol Alguasil 2018 yildan buyon «Real Sosedad»ning asosiy jamoasida faoliyat yuritgan. Ungacha esa klub akademiyasida murabbiylik qilgan, futbolchi sifatida esa 1989 yildan 1998 yilga qadar «oq-ko‘klar» safida 113 ta o‘yin o‘tkazgan.
Basklar yurti vakili qo‘l ostida «Real Sosedad» 2019/2020 yilgi mavsumda Ispaniya Kubogida g‘olib chiqqan edi.