Ilyos Zeytullayev: «Bu men uchun jiddiy chaqiruv va katta tajriba»
Xabaringiz bor, bir necha muqaddam Ilyos Zeytullayev Proligada «Kattaqo‘rg‘on» jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. «Bunyodkor»dagi faoliyatidan so‘ng endi unda yana bir yangi sahifa ochildi. Kecha Zeytullayev yangi klubidagi debyut uchrashuvida g‘alaba qozondi. Tribuna.uz nashri esa Ilyos Zeytullayevdan «Kattaqo‘rg‘on»da ish boshlagani munosabati bilan alohida intervyu uyushtirdi.
- Ilyos Bekirovich, «Bunyodkor»dan ketganingizdan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmadi va «Kattaqo‘rg‘on»ning taklifini qabul qildingiz. Turli variantlar bo‘la turib, pro liga jamoasini qabul qilganingiz sababi nimada?
- Aftidan, klub rahbarlarining futbolga bo‘lgan muhabbatida bo‘lsa kerak.
- Superligada ishlagan murabbiyning pro ligaga o‘tib faoliyat yuritishi ortga tashlangan qadamdek ko‘rinar ekan. O‘zingiz bu qaroringizni qanday baholaysiz? Bu chindan ham ortga tashlangan qadammi yoki jiddiy maqsad sari tashlangan qadammi?
- Mutaxassis sifatida men uchun bu jiddiy chaqiruv va katta tajriba!
- «Kattaqo‘rg‘on» rahbariyati bilan ilk uchrashuvingizda ularga qo‘ygan birinchi talabingiz qanday bo‘ldi? O‘z navbatida, klub rahbariyati sizdan nimani kutmoqda?
- Dastlabki uchrashuvda biz shunchaki tanishdik va turli mavzularda suhbatlashdik. Rahbariyat bizdan aniq tizimli va talabga javob beradigan darajada klub tashkil etishni, klubdan kutiladigan natijalarni so‘radi. Shuningdek, jamoaning o‘ziga xos va tanish bo‘ladigan o‘yin uslubiga ega bo‘lishini istashmoqda.
- Siz «Bunyodkor»da uch yil davomida jamoa qurdingiz va keyinchalik uning tarqalib ketishini juda og‘ir qabul qilganingizni aytgan edingiz. Endi «Kattaqo‘rg‘on»da jamoani qaytadan shakllantirish imkoniyati siz uchun qo‘shimcha motivatsiya bo‘la oladimi?
- «Bunyodkor» men uchun esdan chiqmaydigan tajriba va hayotimda o‘ziga xos sahifa bo‘lib qoladi. O‘sha klubda birga ishlagan odamlar bilan tanishganim va nimalarnidir o‘rganganim uchun Xudodan har qancha minnatdor bo‘lsam arziydi. Men buni ijobiy tomondan ham, salbiy tomondan ham aytishim mumkin. Bugungi kundagi asosiy ruhlanishim hayotimdagi yangi sahifa ochilgan «Kattaqo‘rg‘on»ni o‘yinini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
- «Kattaqo‘rg‘on»dagi asosiy vazifangiz faqat natija qayd etish emas, balki o‘ziga xos o‘yin modelini tashkil etish bo‘ladimi?
- Ha, shunday deyish mumkin. Klub rahbariyati yorqin, hujumkor va shuning barobarida himoyada uyushqoqlik bilan harakatlanadigan jamoani ko‘rishni orzu qilyapti! Biroq shu bilan birga himoyada ham tartibli va uyushgan jamoa bo‘lishimiz kerak.
- Futbolchi sifatida Italiyada jiddiy futbol maktabini o‘tagansiz. Endi esa Proligada ishlayapsiz. Italiyada o‘zingiz uchun to‘plagan tajribalardan qay birini «Kattaqo‘rg‘on»ga singdirmoqchisiz?
- Ishga bo‘lgan madaniyat va bahonalarni yo‘q qilish. Bu har bir komponentga va umuman tashkilotga qo‘yiladigan talablarni juda yuqori darajaga ko‘taradi.
- «Bunyodkor»da yosh futbolchilarga faol ravishda ishonch bildirdingiz va ulardan bir qanchasi Superligada o‘zlarini ko‘rsatishdi. Ayting-chi, «Kattaqo‘rg‘on» ham yosh o‘yinchilar uchun o‘ziga xos tajriba maydoni bo‘la oladimi?
- Albatta, biz shunga intilishimiz kerak. Ayni paytda akademiya va stadion barpo etish yo‘lida jadal ish olib borilmoqda! Aytish mumkin bo‘lsa, biz murabbiylar shtabi, rahbariyat va futbolchilar bamisoli dalaga urug‘ sepib, undan yaxshi hosil olish payida yeng shimarib ishlamog‘imiz darkor. Otam shunday derdi: «Sabr-toqat va mehnat orqali hamma narsaga erishsa bo‘ladi».
- Shubhasiz, sizdan natija talab qilinadi. Ammo murabbiy sifatida sizda natija qayd etish uchun uchta muhim tamoyilingiz bormi? Masalan, o‘yin uslubi, futbolchilarning rivojlanishi, intizom…
- Men yuqorida sanab o‘tilgan jihatlarga shaxsiyatni ham qo‘shgan bo‘lardim.
- «Bunyodkor»dagi faoliyatingiz oxirida mutlaqo o‘zingiz javob bermaydigan narsalar uchun ham mas’uliyatni zimmangizga olgandingiz. «Kattaqo‘rg‘on»da murabbiy sifatida o‘zingizni namoyon qilishingiz uchun erkinlik beriladimi?
- Buni vaqt ko‘rsatadi.
- «Kattaqo‘rg‘on»dagi birinchi mavsumingiz yakuniga yetganda, muxlislardan «Zeytullayev o‘zida nima qoldirdi?», degan savolga qanday javob eshitishni xohlardingiz?
- Bir qarashda tanish bo‘lgan o‘yin usuli va yorqin hissiyotlarni.
- Ilyos Bekirovich, «Bunyodkor»ni shunchaki tark etmadingiz. Balki uch yil davomida o‘zingiz qurgan narsalar qulay boshlaganda ketdingiz. Endi esa qarshingizda bamisoli toza qog‘ozdek «Kattaqo‘rg‘on» turibdi. Siz uchun qay biri muhim: murabbiy sifatida o‘zingizni namoyon qilishingizmi yoki o‘zingiz ishongan g‘oyalaringiz hayotiyligini isbotlashnimi?
- Na u, na bu! Men hech kimga hech narsani isbotlashim shart emas. Men shunchaki, o‘z ishimni qilishim kerak – toki qilayotgan ishim orqali Xudoim va yaratuvchim ulug‘lansin.
- Murabbiylar shtabingiz qanday bo‘ladi? Yangi jamoani boshqarish chog‘ida kimlarni yoningizda bo‘lishini istaysiz?
- Aytishim kerak, avvalo, «Bunyodkor»da o‘zim birga ishlagan insonlar bilan «Kattaqo‘rg‘on»da ham bemalol faoliyat yuritish imkonini havola qilgan klub rahbarlaridan minnatdor ekanligimni alohida ta’kidlashim kerak!