Ilyos Qurbonov — «Metallurg» bosh murabbiyi
Avvalroq, «Metallurg» jamoasi ustozi Ilhom Mo‘minjonov iste’foga chiqqani haqida xabar bergan edi.
«Klub rahbariyati jamoa bosh murabbiyi lavozimiga bungacha murabbiylar shtabida ishlab kelayotgan tajribali mutaxassis Ilyos Qurbonovni tayinlashga qaror qildi.
Ilyos Qurbonov 1979-yil 17-mart kuni tavallud topgan. Futbolchi sifatida ham jamoamiz tarkibidagi yorqin o‘yinlari bilan muxlislar qalbidan o‘rin egallagan Qurbonov, 2015-yilda butsalarni mixga ilgach, murabbiylik faoliyatini ham aynan Bekobodda boshlagan. Avvaliga yoshlar jamoasida murabbiy va bosh murabbiy vazifalarida ishlagan mutaxassis asosiy jamoa uchun yangi iqtidorlarni yetishtirib berishda faol ishtirok etdi.
2023-yil bevosita asosiy jamoada, katta murabbiy sifatida, ishlashni boshlagan va o‘sha davrda bosh murabbiy bo‘lgan xorijlik hamda mahalliy mutaxassislarga yaqindan yordam bergan.
2024-yilda jamoa qiyin vaziyatda qolgan bir pallada, aynan Ilyos Qurbonovga ishonch bildirildi hamda uning boshchiligida jamoa Superligada mavsum oxirida kichik mo‘jiza yaratib, jon saqlab qolishni uddaladi.
Bundan tashqari Qurbonov Tojikistonning "Istaravshan" klubida ham bosh murabbiy sifatida ishlashga ulgurgan. PRO-Ligada birinchi davra davomida Ilhom Mo‘minjonov shtabiga qo‘shilib, jamoada faoliyat yuritib kelayotgandi.
O‘z navbatida, Ilyos Qurbonovga jamoadagi yangi rolda omad va zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz»,-deb yoziladi klub rasmiy sahifasida.