Ilk bor OFKning Elit hakamlar seminari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi
3–7-avgust kunlari Milliy futbol markazida OFKning Elit hakamlar seminari (G‘arb mintaqasi) bo’lib o’tadi. Mazkur nufuzli seminar Osiyo futbol konfederatsiyasining elit toifadagi hakamlari uchun o‘tkaziladigan eng muhim o‘quv tadbirlaridan biri hisoblanadi.
Seminarda OFK Hakamlar departamenti vakillari, Osiyoning 92 nafar elit toifadagi hakami, OFKning tajribali instruktorlari hamda hakamlar tayyorlash yo‘nalishidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etadi.
Besh kun davom etadigan seminar doirasida zamonaviy hakamlik talablari, o‘yin vaziyatlarini tahlil qilish, qarorlar qabul qilish sifati, maydondagi boshqaruv, jismoniy tayyorgarlik va VAR tizimiga oid eng so‘nggi yo‘riqnomalar bo‘yicha nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillari — tajribali instruktori Valentin Kovalenko va FIFA hakami Ilgiz Tantashev mazkur seminarning Sharq mintaqasi uchun Yaponiyada tashkil etiladigan bosqichida ham faoliyat olib boradi.