Iliya Topuriya: «Oktagonga hayotim natijaga bog‘liq bo‘lmagan holda ilk bor chiqaman»
Yengil vazn toifasida amaldagi UFC chempioni Iliya Topuriya amerikalik Jastin Getjiga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan o‘z rejalari va ruhiy holati haqida to‘xtalib o‘tdi. «El-Matador» ushbu jangga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rayotganini va muxlislar mutlaqo yangi darajadagi jangchini ko‘rishlarini ta’kidladi.
Ispaniya va Gruziya sharafini himoya qiluvchi sportchi o‘zining ijtimoiy va moliyaviy holati jangovar san’atga bo‘lgan qarashini o‘zgartirganini qayd etdi.
«Hayotimda birinchi marta oktagonga u yerda nima sodir bo‘lishiga hayotim bog‘liq bo‘lmagan holatda chiqaman. Menga va farzandlarimga hech qachon hech narsaga muhtojlik bo‘lmaydigan barqarorlikni bergani uchun yaratganga shukr qilaman. Oq uy qarshisida siz boshqa Iliyani ko‘rasiz — bu san’atdan chinakamiga zavq oladigan insonni», — deydi Topuriya.
Ma’lumot o‘rnida, Iliya Topuriya professional aralash yakkakurashlardagi debyutini 2015 yilning aprel oyida o‘tkazgan. Shimoliy Amerika ligasi, ya’ni UFC’dagi faoliyatini esa 2020 yilning oktyabr oyidan boshlagan.