Ilhom Mo‘minjonov: «Raqib jamoani bir ochko bilan tabriklayman»
PRO-Liga 2-turi doirasida "Metallurg" — Respublika FA uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ikkita gol bekor qilingan, yana ko‘plab imkoniyatlar ko‘kka sovurilgan bahs durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvdan keyin jamoa bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov OAV vakillari savollariga javob qaytardi.
"Bugungi o‘yin haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, 2 ochkoni qo‘ldan boy berdik. 2-tur, o‘z maydonimizdagi ochilish bahsida g‘alaba qozonishimiz shart edi. Bir qancha xavfli vaziyatlardan foydalana olmadik, yarim himoyachilarimiz kerakli nuqtadan uradigan pallada pas o‘ynashdi. Raqib jamoani bir ochko bilan tabriklayman. Hayot to‘xtab qolmaydi. Chempionat endi boshlandi. Buyog‘iga yanada astoydil ishlaymiz. Maqsadimiz bitta — Superligaga chiqish. Rahbariyat oldimizga faqat shu vazifani qo‘ygan. Keyingi raqib — TerDu. Bu raqibga qarshi ham g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Boshqa yo‘limiz yo‘q".