Ilhom Mo‘minjonov: «Qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdik»
PRO-Liga yangi mavsumi 1-turi doirasida “Metallurg” safarda “Yaypan”ga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli kechgan bahsda bekobodliklar 2:1 hisobida zafar quchdi.
"PRO-Liga boshlangani bilan barcha ishtirokchilarni va murabbiylarni tabriklayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, birinchi tur har doim qiyin o‘tgan. Bo‘lim boshida gol o‘tkazib yubordik, keyin vaziyatni tenglashtirdik. “Yaypan” jamoasi uyda yaxshi harakat qilishini bilardik. Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida raqibni tahlil qilganimizda "Yaypan" qanday futbol namoyish etishini ko‘rib chiqqandik. Qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdik. 60-daqiqadan keyin ham toliqib qolmasligimizni namoyish etdik va gol urib, g‘alabani qo‘lga kiritdik va futbolchilarni tabriklayman. “Yaypan” jamoasiga esa keyingi o‘yinlarda omad tilayman.
Birinchi bo‘limdagi vaziyatda penalti bor edi. O‘sha vaziyatni hakamlar ko‘rib chiqishini xohlardim.
Legionerlarimizdan Bubanya va Yochich bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ana Yochich g‘alaba golini urdi. Armin hali optimal sport formasida emas, shu sababli uni zaxiraga oldik. Braziliyalik hujumchimiz Maksvel da Silva ham adaptatsiya jarayonini boshdan o‘tkazmoqda. Aprel oyidayoq o‘yinlarimiz ko‘p va legionerlar ham o‘yindan o‘yinga kuchayib boradi.
"Metallurg" maqsad sari davom etadi. Proligada oson o‘yin bo‘lmaydi, har bir bahsda kurash kechadi.