locale OZ

Ildar Mamatkazin: “Qirg‘iziston chempionati bu yil yangi bosqichga chiqdi”

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Ildar Mamatkazin: “Qirg‘iziston chempionati bu yil yangi bosqichga chiqdi”
FОТО: FC ALAY

Tajribali o‘zbek himoyachisi Ildar Mamatkazin bir necha yil “Andijon” safida to‘p surganidan so‘ng klubni tark etdi. Futbolchi 2025-yilni Qirg‘izistonning “Alay” jamoasida boshladi. Sports24.uz sayti 36 yoshli himoyachi bilan suhbatlashdi.

– Ildar, Qirg‘izistondagi faoliyatingiz qanday kechmoqda? “Alay”da hammasi joyidami?
– “Alay”dagi faoliyatim yaxshi davom etmoqda. 8-turdan so‘ng biz 21 ochko bilan 2-o‘rinda boryapmiz. Peshqadamdan atigi 1 ochkoga ortdamiz. Jamoamizda yaxshi futbolchilar va murabbiylar bor. Eng muhimi, jamoada uyg‘unlik va ijobiy ichki muhit bo‘lishi kerak.

– Yaqinda klubga qo‘shilgansiz, ammo jamoa sardori bo‘ldingiz. Bu kimning qarori edi?
– Antaliyadagi yig‘in paytida meni jamoa sardori qilishga qaror qilindi. Bu men uchun katta sharaf. Menga ishonch bildirganlarning umidini oqlashga harakat qilyapman.

– Qirg‘iziston chempionati darajasi haqida nima deya olasiz?
– Bu yil chempionat darajasi yangi bosqichga chiqdi. Sababi, barcha klublar sifatli legionerlar bilan kuchaydi va deyarli barcha o‘yinlar kechqurun, yoritgichlar ostida o‘tkazilmoqda. Bu futbolchilarga qulaylik yaratadi hamda maydon sifatini yaxshilaydi.

– Yil boshida Qirg‘izistonda yangi klublar paydo bo‘ldi. Bu rivojlanishga qanchalik ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Yangi klublar sonining ko‘payishi faqat foyda keltirmoqda. Rivojlanish tezlashdi. Sababi, ilgari maydonda 5 legionerga ruxsat berilgan bo‘lsa, endi 8 legioner o‘ynashi mumkin.

– “Alay” 2017-yildan beri mamlakat chempioni, biroq 2020-yildan buyon milliy kubokni yuta olmadi. Bu yilgi maqsadingiz qanday?
– “Alay”ning bu yilgi maqsadi — chempionat va kubok musobaqalarida g‘olib chiqish. Ya’ni, siz aytgan “qora seriya”ga nuqta qo‘ymoqchimiz.

- Sizdan tashqari “Alay” tarkibida yana o‘zbek futbolchilari bor: darvozabon Mirzoxid Mamajonov, himoyachilar Muhammadali Tursunov va Jamshid Qobulov, yarim himoyachilar Ismoil Abdurahmonov va Sarvar Ablayev, hujumchi Nuriddin Nuriddinov. Bu sizga qanchalik yordam bermoqda?
– Vatandoshlarimiz “Alay” safida o‘ynayotgani faqat foyda keltirmoqda. Chunki bir-birimizni yaxshi tushunamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.

– Jamoada ukrainalik hujumchi Oleksiy Zinkevich ham bor. Uning o‘yiniga qanday baho berasiz?
– Oleksiy Zinkevich haqida aytadigan bo‘lsam, u sifatli hujumchi. Har bir o‘yin raqib jamoa uchun bosh og‘riq. Dastlabki 7 uchrashuvda 5 ta gol urdi, 2 ta golli uzatma berdi. Ishonamanki, bu natijalar o‘zbek klublarining ham e’tiborini tortadi.

– Qirg‘izistondagi stadionlardagi maydonlar holati qanday?
– Qirg‘izistondagi maydonlar holati a’lo darajada. Rostini aytsam, bunday bo‘lishini kutmagandim. Yaqinda “Abdish-Ata”ga qarshi o‘ynadik – ishonchim komil, O‘zbekistonda bunday maydonga ega jamoalar juda kam.

– Qirg‘iziston chempionatidagi muxlislar haqida nima deya olasiz?
– Qirg‘iziston chempionatidagi har bir o‘yinga 1000-2000 kishi tashrif buyuradi, lekin “Alay” ishtirokidagi o‘yinlarda o‘rtacha 4000-5000 tomoshabin bo‘ladi. O‘sh shahrida futbolni chin dildan yaxshi ko‘rishadi.

Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting