Ikardi «Galatasaroy»ning eng yaxshi xorijlik toʻpurariga aylandi
Argentinalik to‘purar Mauro Ikardi Turkiyaning «Galatasaroy» klubi safida tarixiy natijani qayd etdi. Turkiya Kubogi doirasida «Istanbullspor»ga qarshi kechgan va 3:1 hisobida «sherlar»ning g‘alabasi bilan yakunlangan bahsda hujumchi o‘zining klubdagi 73-golini urishga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu gol Ikardiga «Galatasaroy» tarixidagi eng yaxshi xorijlik to‘purar unvonini taqdim etdi. Shu tariqa, u ruminiyalik afsonaviy yarimhimoyachi Georghe Xajining uzoq yillik rekordini (72 gol) yangiladi. Mauro bu ko‘rsatkichga erishish uchun 2022 yildan buyon turk klubi safida samarali to‘p surib kelmoqda.
Ikardining amaldagi kelishuvi 2026 yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan. Klub rahbariyati hujumchi bilan shartnomani yana 2-3 yilga uzaytirish niyatida, biroq bir shart bilan: futbolchining yillik maoshi 10 million yevrodan 8,5 million yevroga tushirilishi so‘ralmoqda.
Hozirda nufuzli Transfermarkt portali 32 yoshli argentinalik forvardning bozor qiymatini 6 million yevroga baholamoqda.