Igor Tudor «Nottingem»dan uchralgan magʻlubiyatdan soʻng matbuot anjumaniga kelmadi
Angliya Premyer-ligasining 31-turida xavfli zonadan uzoqlashish uchun kurashayotgan bevosita raqib — «Nottingem Forest»dan qabul qilingan yirik mag‘lubiyatdan (0:3) so‘ng, «Tottenhem» bosh murabbiyi Igor Tudor o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etmadi.
The Touchline nashrining xabariga ko‘ra, mutaxassis shaxsiy oilaviy sharoitlari sababli anjumanga kela olmagan. Uning o‘rnini yordamchilaridan biri egalladi.
«Nottingem»dan qabul qilingan ushbu mag‘lubiyat «shporlar» uchun APL doirasidagi so‘nggi yetti o‘yindagi oltinchisi bo‘ldi. Jamoa 2025 yilning dekabridan buyon chempionatda g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda.
Hozirda londonliklar 31 ta o‘yindan so‘ng 30 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining 17-pog‘onasida bormoqda — quyi ligaga tushib ketish zonasidan ularni atigi bir ochko ajratib turibdi.