Husanovning transferi bo‘yicha kompensatsiya hanuz to‘langani yo‘q
Belarusning “Energetik-BGU” futbol klubi fransiyalik “Lens” orqali inglizlarning “Manchester Siti” jamoasiga o‘tgan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning transferi bo‘yicha hali hamon kompensatsiya olmagan. Bu haqda klub direktori Aleksandr Zaxarchenya jurnalistlarga ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘lov jarayoni xalqaro amaliyotda yaqinda joriy etilgan yangi mexanizmlar sababli murakkab va sekin kechmoqda. Mazkur tizim hujjatlarni rasmiylashtirish va tomonlar o‘rtasidagi kelishuvlarni uzoq vaqt talab qiladi.
Zaxarchenya ta’kidlashicha, bunday kechikishlar faqat ularga xos emas. Minskning “Dinamo”si va BATE klublari ham o‘z tarbiyalanuvchilari uchun mo‘ljallangan to‘lovlarni olishda qiyinchiliklarga duch kelgan. “Masalani nazoratda ushlab turibmiz, milliy futbol federatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz”, — dedi Zaxarchenya.
Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli himoyachi Abduqodir Husanov 2023 yili “Lens” safiga o‘tganidan so‘ng xalqaro maydonda tanila boshlagan. Uning keyinchalik “Manchester Siti”ga o‘tishi o‘zbekiston futboli uchun muhim voqelik sifatida baholanmoqda.