Holand «Man Siti» safida 150-golini urdi
Norvegiyalik forvard kecha «Brayton» darvozasini ishgʻol etdi.
FOTO: Getty Images
«Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand to‘purar sifatidagi muhim yubileyini nishonladi. Kecha u APL doirasida «Brayton»ga qarshi o‘yinda (1:1) gol urdi. Ushbu gol norvegiyalik hujumchi uchun «shaharliklar» safidagi 150-gol bo‘ldi.
«Manchester Siti» matbuot xizmati Holandni ushbu yutuq bilan tabrikladi. Erling 150 ta gol urish uchun barcha musobaqalarda 173 ta uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, uning hisobida 25 ta golli uzatma ham mavjud.
Erling Holand «shaharliklar» safida 2022 yil yozidan buyon to‘p surmoqda. U jamoaga Dortmundning «Borussiya» klubidan kelib qo‘shilgan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining hozirgi bozor qiymati 200 million yevroni tashkil etadi va u sayyoradagi eng qimmat uch futbolchidan biri hisoblanadi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist