locale OZ

“Hech qachon taslim bo’lma!”

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
“Hech qachon taslim bo’lma!”
PHOTO: Telegram

Termizning “Surxon” jamoasi futbolchisi Javohir Jo’rayev klub matbuotiga intervyu berdi.

Javohir, avvalo jamoaning Termizga qaytishi haqida so‘ramasdan ilojimiz yo‘q. Endi biz Surxon Arenada o‘zimizning mahalliy muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz. Termizga qaytganingizdagi birinchi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashing.


-Assalomu alaykum, nihoyat uzoq tanaffusdan so‘ng biz Surxon Arenaga qaytdik va endi o‘z muxlislarimiz bilan birga o‘ynaymiz. Stadionda birinchi marta bo‘lganimda hayajon va faxrni bir paytda his qildim. Chunki shunday ajoyib stadionni rekonstruksiya qilishga juda ko‘p mehnat va e’tibor qaratilgan

Siz Surxondagi davringizda jamoani oldinga undaydigan muxlislarni ko‘rishga ulgurdingiz. Surxon qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, ular doim qo‘llab-quvvatlashadi. Futbolchilarga muxlislar haqiqatan ham yordam beradimi yoki bu shunchaki stereotip?


-Ha, bu jamoaga kelib qo‘shilganimdan so‘ng Surxon muxlislarining jamoani qanday fidokorlik bilan qo‘llab-quvvatlashlarini ko‘rib lol qoldim. Qaerda o‘ynashimizdan qat’i nazar, ular doim biz bilan birga bo‘lib, bizni g‘alabaga undashmoqda. Ularga katta rahmat aytaman!

Endi esa keling, sizning faoliyatingizga o‘tamiz, Javohir. Taqdir qanday qilib sizni futbolchi bo‘lishingizga olib keldi? O‘zingiz bolalikdan futboldan qiziqqanmisiz?


-Men tug‘ilganimdayoq otam: “O‘g‘lim futbolchi bo‘ladi”, deb niyat qilgan ekanlar. Go‘daklik davrimdayoq menga doim futbol ko‘rsatganlar. Menimcha, shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘zimni bildim-bilmagan paytimdan boshlab to‘p tepib ulg‘aydim va 6 yoshimdan Paxtakor akademiyasiga borganman

Siz o‘ng qanotda o‘ynaysiz va hujumda ham, himoyada ham faol ishtirok etasiz. Dastlabdan aynan shu pozitsiyada o‘ynashni xohlaganmisiz?


-Ha, men yoshligimdan aynan shu pozitsiyada o‘ynab kelaman. Bolaligimdan Akmal Shorahmedovning o‘yinlarini ko‘rib, shu pozitsiyani tanlaganman

Sizning shakllanishingizda katta rol o‘ynagan inson — O‘zbekistonda xizmar ko'rsatgan murabbiyi, otangiz Dilshod Nuraliyev ekanligini bilamiz. U haqida gapirib bersangiz. Sizga bergan eng esda qolarli maslahati qaysi bo‘lgan?
Otam har doim o‘yinlarimni kuzatib, menga ko‘plab maslahatlar va tanbehlar berib turadilar. Eng esda qolarli maslahatlaridan biri: ‘O‘g‘lim, hech qachon qo‘lingni tushirma. Har doim mehnat qilishdan to‘xtama’, degan so‘zlari bo‘lgan

Siz Surxon safida uchinchi mavsumdan beri to‘p suryapsiz va, albatta, shu davr mobaynida ko‘p narsalarga guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz kerak. Shu vaqt ichida siz uchun eng esda qolgan o‘yinlar qaysilar bo‘lgan?


-Ha, 3 yil davomida Surxon bilan birgamiz. Eng esda qoladigan o‘yinlardan biri o‘tgan yili bo‘lgandi — Sug‘diyonaga 0:2 hisobida yutqazib turgan holda, yakunda 4:2 hisobida g‘alaba qozonganmiz. Bu ajoyib o‘yin bo‘lgan, unda biz xarakter ko‘rsatdik va o‘yinning taqdirini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldik. Bunday bahslarda diqqatni yo‘qotmaslik, motivatsiyani saqlab qolish va o‘z ustingdan chiqib, eng yaxshi jihatlaringni namoyon etish juda muhim

Surxon Superligadagi o‘rtacha yosh bo‘yicha eng yosh jamoa hisoblanadi va sizlarda juda ahil jamoa shakllangan. Klubdagi muhit uchun kim javobgar? Kim jamoaning asosiy quvnoqchisi, yetakchisi va kayfiyat ko‘taruvchisi?


-Jamoamizdagi eng quvnoq yigit bu Nodirxon. Yetakchilarimiz ko‘p, lekin biz bir jamoa bo‘lib, har doim bir-birimizni oldinga yetaklaymiz

Dastlabki o‘yinlar jamoa uchun unchalik omadli bo‘lmadi, lekin tashqaridan qaraganda, har bir o‘yinga g‘alaba uchun maydonga tushayotganingiz sezildi. Sizningcha, Surxon yana g‘alabali yo‘lga qaytishi uchun nima qilish kerak?


-Bu mavsumni yaxshi boshlay olmadik, lekin muhim narsa — qanday boshlaganing emas, balki qanday davom ettirib, qanday yakunlashing. Biz kuchliroq bo‘lishimiz kerak va Xudo xohlasa, albatta, g‘alabalarga erishamiz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga chiqishga juda yaqin turibdi. Sizningcha, terma jamoaning bu yo‘ldagi imkoniyatlari qanday?


-In shaa Alloh, bu safar albatta Jahon chempionatiga chiqamiz. "Bu butun o‘zbek futboli uchun tarixiy lahza bo‘ladi. Butun mamlakat sabrsizlik bilan shu onni kutyapti. Umid qilaman, O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionatiga chiqadi. Buning uchun bizda hamma narsa bor: iqtidorli futbolchilar, kuchli motivatsiya va yaxshi futbol. O‘ylaymanki, biz mundialga chiqamiz

Siz o‘ynaydigan pozitsiyada to‘p surayotgan dunyoning eng kuchli 3 nafar futbolchisini kim deb hisoblaysiz?


-Ashraf Hakimi, Metti Kesh va Jeremi Frimpong

Surxonning top-3 futbolchisi?


-Yoshlarimiz, Komron Yusupov, Behruz Karimov va Behruz Shukurullayev. Lekin, to'g'risi aytsam, bizda har bir futbolchi o'z salohiyatiga ega

Sizning hayotiy shioringiz qanday?
-Oila — bu hayotdagi eng muhim narsa

Surxon muxlislariga tilaklaringiz qanday bo‘ladi?
-Shunday paytlarda bizni qo‘llab-quvvatlashsin, toki g‘alabalarimizni birgalikda nishonlay olamiz

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting