Hazratjon Tursunqulov — OKMK futbolchisi
Yangi mavsum oldidan OKMK FK klubining sport siyosati doirasida asosiy jamoa tarkibini shakllantirish bo‘yicha izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonda yosh, mahalliy hamda klubning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga mos futbolchilarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, "konchilar" safini tark etgan futbolchilarning o‘rnini klubning rivojlanish falsafasi, tanlangan o‘yin modeli va institutsional maqsadlariga mos futbolchilar bilan to‘ldirish orqali muvozanatli transfer siyosati izchil amalga oshirilmoqda.
Aynan mana shu transfer siyosati doirasida qishki transfer oynasida navbatdagi transfer ro‘yobga chiqdi. Yarim himoyachi Hazratjon Tursunqulov OKMK FK safiga qo‘shildi. Futbolchi bilan ikki yillik shartnoma imzolandi va u yangi mavsumdan boshlab "konchilar" sharafini himoya qiladi.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli tayanch yarim himoyachi bungacha "Oq-tepa", "Metallurg", "Dinamo" hamda "Xorazm" klublarida harakat qilgan. U professional faoliyati davomida 117 ta o‘yinda maydonga tushib, 15 ta gol va 6 ta golli pas muallifiga aylangan.