Harri Keyn “Oltin to‘p” haqida: “Bu men uchun ulkan yutuq bo‘lardi”
“Bavariya” va Angliya terma jamoasi hujumchisi Harri Keyn 2026-yilgi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish imkoniyati haqida fikr bildirdi. Futbolchi sovrinning bu yil Londonda topshirilishi uning uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Keyn bu haqda “Bavariya” klub jurnaliga bergan intervyusida gapirdi.
Manbaga ko‘ra, Keyn Angliya futbolchilari 20 yildan ortiq vaqt davomida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kirita olmaganini eslatdi. “Oltin to‘p”ni yutish men uchun ulkan yutuq bo‘lardi. Ammo hozir bor e’tiborimni ushbu mavsumda yuqori saviyada o‘ynashga qaratganman”, — dedi hujumchi.
Keyn o‘tgan mavsumda klub va terma jamoa safida 73 ta gol urib, individual sovrin uchun kurashda o‘z nomini jiddiy tilga oldirdi. Hujumchining o‘zi esa avvalgi mavsumdagi natijalardan ko‘ra yangi mavsumda o‘z darajasini saqlab qolish va yanada rivojlanishga e’tibor qaratayotganini aytgan.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi “Oltin to‘p”ni topshirish marosimi 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Angliyalik futbolchilardan ushbu sovrinni oxirgi marta Maykl Ouen 2001-yilda qo‘lga kiritgan.