Harri Keyn faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
«Bavariya» jamoasining ingliz hujumchisi Harri Keyn faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirishi mumkin. Kicker nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, ushbu tajribali forvardga Qirollikning etakchi klublari, xususan, «Al Ahli» va «Al Ittihod» jamoalari jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Myunxenliklar rahbariyati hujumchini o‘z safida saqlab qolish niyatida ekaniga qaramay, vaziyat birmuncha murakkab tus olishi mumkin. Gap shundaki, futbolchining amaldagi shartnomasida 70 million yevro miqdorida tovon puli ko‘zda tutilgan. Kelishuvga ko‘ra, Keyn ushbu band kuchga kirishidan avval klub rahbariyatini jamoadan ketish niyati borligi haqida rasman ogohlantirish huquqiga ega.
Harri Keyn joriy mavsumda «Bavariya»ning mutlaq yetakchisi sifatida ajoyib natijalar qayd etmoqda. U barcha turnirlar doirasida 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 38 bor ishg‘ol qilishga ulgurdi. 32 yoshli ingliz forvardining Myunxen klubi bilan imzolagan shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Ayni damda Transfermarkt portali Keynning transfer qiymatini 65 million yevroga baholamoqda. Agar Saudiya klublari 70 million yevrolik tovon pulini to‘lashga qaror qilsa va futbolchining o‘zi ham yangi chorlovga rozi bo‘lsa, yozgi transfer oynasi vaqtida kutilmagan kelishuv amalga oshishi mumkin.