Hansi Flik — La Ligada mart oyining eng yaxshi murabbiyi
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik Ispaniya La Ligasida oyning eng yaxshi murabbiyi unvoniga sazovor bo‘ldi. Uning qo‘l ostida kataloniyaliklar mart oyida o‘tkazilgan uchta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonishdi: «Atletik Bilbao» (1:0), «Sevilya» (5:2) va «Rayo Valyekano» (1:0) jamoalari mag‘lub etildi.
Yakuniy ovoz berish jarayonida 61 yoshli germaniyalik mutaxassis ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etgan «Atletiko» ustozi Diego Simeone hamda bitta g‘alaba va ikki durangga erishgan «Levante» murabbiyi Luish Kashtruni ortda qoldirdi.
Ispaniya chempionatining 29 turidan so‘ng kataloniyaliklar 73 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rindagi Madridning «Real» klubi bilan oradagi farq to‘rt ochkoni tashkil etmoqda.