Hansi Flik «Barselona» bosh murabbiyi sifatida 100-o‘yinini o‘tkazdi
Ispaniya La Ligasining 26-turidan o‘rin olgan «Barselona» va «Vilyarreal» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv kataloniyaliklarning 4:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Mazkur bahs «ko‘k-anorranglilar» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik uchun klub boshqaruvidagi 100-yubiley o‘yin sifatida tarixga kirdi.
Germaniyalik mutaxassis 2024 yilning may oyida «Barselona» boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan edi. O‘tgan davr mobaynida Flik qo‘l ostida jamoa sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi.
Xususan, kataloniyaliklar 2024/2025 yilgi mavsumda Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritishdi, Ispaniya Kubogida zafar quchishdi hamda ikki bor mamlakat Superkubogi sohibiga aylanishdi. Hozirda murabbiyning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Barselona» 26 ta o‘yindan 64 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida yakka peshqadamlik qilmoqda. Mag‘lubiyatga uchragan «Vilyarreal» esa 51 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab turibdi.