Hans-Diter Flik Levandovskining shartnomasi haqida: «Hozir bu haqda gapiradigan vaqt emas»
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik jamoa hujumchisi Robert Levandovskining klubdagi kelajagi va shartnomasi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi.
«Biz uning holatini muhokama qildik. Mavsum hali yakunlangani yo‘q, u bor e’tiborini o‘yinga qaratishi va futboldan zavq olishi kerak. Bilaman, u ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istaydi, lekin u hammasini to‘g‘ri bajarmoqda. Umid qilamanki, unga hozirgi holat va klub yoqmoqda. Hozir bu mavzuda gapiradigan vaqt emas, barchamiz klubdagi vaziyatni yaxshi bilamiz. Men xotirjamman, chunki biz barchasini to‘g‘ri yo‘lda bajaryapmiz», — deya Flikning so‘zlarini keltiradi AS nashri.
Avvalroq OAVda «Barselona» 37 yoshli Levandovski bilan shartnomani uzaytirishi mumkinligi, biroq bunda polshalik forvardning maoshi kamaytirilishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lumot uchun, Levandovski 2022 yilning yozidan buyon «ko‘k-anorranglilar» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta gol va 3 ta samarali uzatmaga mualliflik qildi.
Futbolchining klub bilan amaldagi kelishuvi 2026 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali hujumchining bozor qiymatini 9 million yevroga baholagan.